TOShKENT, 29 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etishini ma’lum qildi.
“Shu kunlarda Xitoyda yana bir yirik anjuman – Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida, uning doirasida ko‘plab uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etamiz”, - dedi Mirziyoyev davlat mustaqilligining 34-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘zlagan nutqida.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sammit natijalari Yangi O‘zbekistonning dunyodagi o‘rni va mavqeyini yuksaltirishga, ko‘p vektorli tashqi siyosat bo‘yicha strategik maqsadlarimizni amalga oshirishga xizmat qiladi.
ShHT sammiti Tanszin shahrida (Shimoliy Xitoy) 31-avgust-1 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda 20 tadan ortiq mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari, 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.
Hozirda ShHT 10 ta a’zo davlatni (Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston) birlashtirgan. Shuningdek, ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega 2 ta davlat (Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston) va 14 ta muloqot bo‘yicha hamkor (Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Kuvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka) mavjud.