TOShKENT, 29 avg – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mirziyoyev mazkur monument ona Vatan, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon o‘zbek xalqi sharafiga bunyod etilgan buyuk obida ekanini ta’kidlagan edi.
Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident administratsiyasi, Vazirlar mahkamasi, Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi.
Avvalroq Mustaqillik bayramining bosh tadbirlari bugun, ya’ni 29-avgust kuni bo‘lib o‘tishi xabar qilingan edi. Prezident O‘zbekiston mustaqilligining 34-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etadi va bayram tabrigi bilan murojaat qiladi.