OTB O‘zbekiston yo‘llarini yangilash uchun $233 mln ajratdi

Loyiha O‘zbekistonni mintaqaviy logistika markaziga aylantirish hamda iqtisodiy barqarorlikni oshirishga xizmat qiladi – OTB.
Sputnik
TOShKENT, 28 avg — Sputnik. O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan $233,1 million kredit jalb qiladi. Ushbu mablag‘lar A380 avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi, deb ma’lum qildi OTB.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 87 kilometr yo‘l yangilanadi. Jumladan, 75 kilometrlik To‘rtko‘l–Ellikqala–Beruniy aylanma yo‘li quriladi, shuningdek, A380 avtomobil yo‘lining mavjud 12 kilometrlik qismi qayta ta’mirlanadi.

Loyihaning umumiy qiymati $293,7 millionni tashkil etadi, shundan $60,6 millioni O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qurilish ishlari iqlim o‘zgarishiga chidamli texnologiyalar asosida olib boriladi — beton qoplamalar, balandlashtirilgan yo‘l to‘sinlari hamda zamonaviy drenaj tizimlari barpo etiladi.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya ta’kidlashicha, loyiha mamlakatning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash, Qoraqalpog‘istonda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Yo‘nalish bo‘ylab beshta dam olish va servis hududi barpo etiladi, ular elektr avtomobillar uchun quvvatlash stansiyalari hamda ayollar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar bilan ta’minlanadi.