Rossiya nefti bo‘yicha Hindiston pozitsiyasi AQShni hayratda qoldirdi

Navarro: Hindistonning Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishdan bosh tortishi AQShni hayratda qoldirdi
Sputnik
TOShKENT, 28 avg — Sputnik. AQSh Hindistonning Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishdan bosh tortganidan hayratda qoldi, dedi Trampning savdo bo‘yicha katta maslahatchisi Piter Navarro "Bloomberg" agentligiga.
"Hindiston ertaga Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatsa, import bojlari bo‘yicha 25 foizlik chegirmani osongina olishi mumkin. Lekin ular buni xohlamaydilar. Ular taslim bo‘lishmayapti. Men taajjubdaman", - deb tan oldi Navarro.
Vashingtonning maqsadi Nyu-Dehli va Pekinning Rossiya neftini sotib olishiga yo‘l qo‘ymaslik, deya qo‘shimcha qildi u.
Trampning Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga joriy qilingan 25 foizlik boj bir kun avval kuchga kirdi. Bu bilan umumiy hisobda stavka 50 foizga yetadi - bu AQSh tomonidan o‘rnatilgan eng yuqori tariflardan biridir.
Tramp qo‘shimcha bojlar joriy etilishini 6-avgust kuni e’lon qildi. Bunga Nyu-Dehlining Rossiya neftini xarid qilishi sabab bo‘lgan – Amerika rasmiylarining ta’kidlashicha, 2022-yildan boshlab uning Hindiston importidagi ulushi bir foizdan 42 foizgacha oshgan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaysval yangi tariflarni asossiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, uning mamlakati har qanday yirik iqtisodiyot kabi milliy manfaatlarni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi. Hindiston hukumati Amerika barchaga bir xil talab qo‘ymayotganiga e’tibor qaratdi. Xususan, Xitoy va Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini sotib olishda davom etmoqda. Shunga qaramay, Nyu-Dehli murosa topishga tayyorligini bildiradi va kelishuv tuzishga umid qiladi.
Shu kungacha AQSh va Hindiston muzokaralarning bir necha raundini o‘tkazdilar, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ommaviy axborot vositalari yozganidek, asosiy muammo - Hindiston AQShning genetik modifikatsiya qilingan o‘simliklarining o‘z bozoriga kirishi qarshiligi bo‘lib qolmoqda.