TOShKENT, 27 avg — Sputnik. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi 2025-yilda ilk bor 130 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan jamoat, san’at va madaniyat xodimlarini taqdirlashning tantanali marosimida ma’lum qildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
"O‘tgan sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz shiddat bilan o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi. Bugun bitta raqamni birinchi marta aytmoqchiman: Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu yil iqtisodiyotimiz hajmi 130 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ya’ni ilgari bunday o‘sish, bunday yuksak e’tirof hech qachon bo‘lmagan", - dedi Mirziyoyev.
Bu borada ayniqsa, tadbirkorlik faol qo‘llab-quvvatlanayotgani, “yashil” va innovatsion iqtisodiyot rivojlanayotgani alohida tilga olindi. Natijada 500 mingdan ortiq yangi ko‘p qavatli uy-joylar, 60 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qishloq obodchiligi va 100 mingdan ortiq investitsion loyihalar amalga oshirilgan.
Shuningdek, ijtimoiy infratuzilmalar ham olti baravar ko‘paytirilgan. Bolalar bog‘chalari joylari 720 mingdan 2,5 milliongacha, maktablar esa 466 taga yetkazilgan. Oliy ta’limda o‘quvchilar soni 279 mingdan 1,5 millionga ko‘paytirilib, talabalar ta’limi qamrovi 40 foizgacha oshgan.
“Asosiy maqsad — insonlarga e’tibor qaratish, ularning huquqlarini, mehnatini ulug‘lashdir. Har bir yutuq, natija, ayniqsa, inson manfaatiga qaratilganda, yanada yorqin samara beradi”, - deya xulosa qildi davlat rahbari.