O‘zbekistonda "Trade-up": endi eski avtomashinani boshqasiga almashtirish mumkin

Dilerlar faqat eski avtomobilni yangisiga qo‘shimcha to‘lov bilan almashtirib berishi mumkin edi, endi esa foydalanilgan avtomobilni boshqa foydalanilgan avtomobilga almashtirishi ham mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 avg – Sputnik. O‘zbekistonda foydalanishda bo‘lgan avtomobilni foydalanishda bo‘lgan boshqa avtomobilga almashtirish – “Trade-up” dasturi joriy etiladi. 22-avgust kuni Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorda distributor va diler tashkilotlarining ilgari foydalanilgan avtomobillarni sotib olish, sotish va almashtirish huquqi qonun bilan mustahkamlandi.

Shuningdek, “Trade-up” dasturi joriy etildi — u orqali ilgari foydalanilgan avtomobilni boshqa foydalanilgan avtomobilga almashtirish mumkin.

Qarorda quyidagi atamalarga izoh berilgan:
“Trade-in” – ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini yangi avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish;
“Trade-up” – ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish.
distributor tashkiloti — O‘zbekiston hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi bilan tegishli distributorlik kelishuviga ega yuridik shaxs.
diler tashkiloti - O‘zbekiston hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo‘yicha distributor tashkiloti yoki ishlab chiqaruvchi bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega yuridik shaxs.
Avtomobil bozori: elektromobil sotib olish ko‘rsatkichi rekord darajada o‘smoqda