Toshkentda tibbiy chiqindilardan muqobil issiqlik ishlab chiqaruvchi birinchi zavod ishga tushdi

Endilikda zavodda har kuni 3 tonna tibbiy chiqindi yoqilib, yiliga 20 GVt·s issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 avg — Sputnik. Toshkentda tibbiy chiqindilardan muqobil issiqlik ishlab chiqaruvchi birinchi zavod ishga tushdi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Poytaxtning Chilonzor tumanidagi 16-shahar kasalxonasi yaqinida ish boshlagan zavod bir sutkada 20 soat davomida 6 tonna chiqindini yoqish quvvatiga ega bo‘lib, amalda har kuni 3 tonna chiqindi qayta ishlanmoqda. Yillik ishlab chiqarish quvvati esa 20 GVt·s ni tashkil etadi.
Shuningdek, zavod faoliyatining ilk bosqichi – 2024-2025 yillarda 7 million dollar investorlar mablag‘iga asoslanib, Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlaridan yiliga 6 ming tonna tibbiy chiqindi termal qayta ishlanishi rejalashtirilgan.
“Zero chiqindilar” tamoyiliga asoslangan ikkinchi bosqichda esa 2026-2030 yillarda 108 million dollar sarmoya hisobiga yiliga 90 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, 300 GVt·s quvvatli zavodlar qurilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, yaqin kelajakda bu turdagi zavodlar ToshMI 2-shifoxonasi (Olmazor tumani) va SamPI (Toshkent tumani) hududlarida ham qurilishi o‘z nihoyasiga yetkaziladi.
Samarqandda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilmoqda