Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 avg – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, muzeyning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi.
"Mana endi yana bir tarixiy majmua – O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlayapmiz. Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘ladi", - dedi Mirziyoyev.
Uning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi.
1 / 3
2 / 3
3 / 3
Bu orqali hozirda poytaxtning turli muzeylarida tarqoq joylashgan tarixiy ashyolar, ko‘hna va zamonaviy san’at asarlarini yaxlit ko‘rish mumkin bo‘ladi. Umuman, muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.
Muzey ishga tushsa, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan bir joyda yaxlit me’moriy kompozitsiyaga aylanadi. Fuqarolar va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan tematik turizm maskani bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, kelajakda bu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.
O‘zbekistonda qanday noyob tarixiy tangalar saqlanadi — foto