TOShKENT, 26 avg – Sputnik. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, Donald Trampning Eron yadro quroli yaratishga urinayotganiga oid so‘nggi bayonotlarini keskin tanqid qildi. Bu haqda Eronning PressTV axborot agentligi xabar qilmoqda.
Baqoiy bu iddaolarni “yillar avval oddiy fuqaroning aytgan so‘zlariga asoslangan, ko‘p bora rad etilgan eski da’vo” deya baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning bu bayonotlari Eronning tinch maqsadlarga qaratilgan yadro inshootlariga AQSh va Isroil tomonidan uyushtirilgan hujumlarni oqlashga qaratilgan.
U, shuningdek, AQSh Milliy razvedka direktori boshchiligidagi idora bu yil mart oyida Kongressda bergan hisobotida “Eron yadro quroli ishlab chiqmayapti”, degan xulosaga kelganini eslatib o‘tdi.
Eron TIV rasmiy vakili Trampni haqiqatni siyosiy maqsadlarga qurbon qilayotganlikda aybladi
“Uning bu so‘zlari faktlarga emas, balki siyosiy manfaatlarga asoslanganini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi”, — dedi Baqoiy.