Isroilning G‘azoga qilgan hujumi oqibatida 5 nafar jurnalist halok bo‘ldi

So‘nggi ma’lumotlarda ta’kidlashicha, shifoxonaning qabul bo‘limiga qilingan hujum oqibatida jami 20 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Sputnik
TOShKENT, 25-avg – Sputnik. Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan G‘azo sektorining janubidagi "Nosir" shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida besh nafar jurnalist qurbon bo‘ldi. Bu haqda "Al Jazeera" telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan jurnalistlar orasida Axmad Abu Aziz (IA) , Muhammad Salam (Al Jazeera), Husam al-Masri (Reuters), Muaz Abu Taha(NBC) va Maram Abu Dakka (Associated Press) bor.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlarida ta’kidlashicha, shifoxonaning qabul bo‘limiga qilingan hujum oqibatida jami 20 kishi hayotdan ko‘z yumgan. "Al Jazeera" ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bir kechada nafaqat shifoxonani, balki G‘azoning boshqa hududlari — Zaytun, Sabra va Rimal tumanlarini ham havodan o‘qqa tutgan.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat harbiy rahbariyati tomonidan ishlab chiqilgan G‘azo sektorini to‘liq nazoratga olish va HAMAS harakatining infratuzilmasini yo‘q qilish rejasini ma’qullagani haqida bayonot bergan edi. Unga ko‘ra, G‘azodagi harbiy operatsiya qisqa fursatda yakunlanishi va Isroil armiyasi hududni to‘liq egallashi nazarda tutilgan edi.
Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham o‘z fuqarolarini G‘azo sektoridan evakuatsiya qilishga tayyor ekanligini bildirgan.
Isroil-Falastin mojarosi
Isroil G‘azoga hujum boshladi