TOShKENT, 22 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti qarori bilan Alisher Boboyev sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Alisher Boboyev 1996-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, ushbu oliy o‘quv yurtining klinik ordinatura yo‘nalishida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1998-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutida katta laborant sifatida boshlagan.
Turli yillarda Toshkent farmatsevtika instituti tibbiy biologik fanlar kafedrasi katta laboranti, Olmazor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi maslahat-diagnostika poliklinikasi hamda Respublika klinik shifoxonasi urologiya bo‘limi singari qator muassasalarda shifokor-urolog, Sog‘liqni saqlash vazirligi kotibiyatida bosh mutaxassis kabi lavozimlarda ishlagan.
II darajali "Salomatlik" ordeni bilan taqdirlangan Boboyev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.