O‘zbekiston va YeOII

Hindiston va YeOII erkin savdo to‘g‘risida bitim tuzishga yaqinlashmoqda

YeOII va Hindiston erkin savdo bo‘yicha muzokaralarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ikki tomon savdo hajmini oshirish va “Shimol–Janub” iqtisodiy yo‘lagidan samarali foydalanishni muhokama qildi
Sputnik
TOShKENT, 21 avg – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) savdo vaziri Andrey Slepnyov Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)–Hindiston erkin savdo bitimi yuzasidan muzokaralar guruhi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda YeIK Savdo siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Mixail Cherekayev va Hindiston Tijorat departamenti qo‘shimcha kotibi Shri Ajay Badu ishtirok etdi.
Muzokaralar guruhlari rahbarlari YeIK vazirini muzokaralar uchun texnik topshiriq tasdiqlanganligi haqida xabardor qildi. Tomonlar muzokaralar jarayonini boshlash bo‘yicha keyingi bosqichlarni va bo‘lajak savdo bitimining boshqa tashkiliy jihatlarini muhokama qildilar.

"So‘nggi bir necha yil ichida YeOIIning Hindiston bilan tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Savdo hajmini yanada oshirish, shuningdek, tarmoqlararo hamkorlikni, jumladan, "Shimol-Janub" iqtisodiy yo‘lagidan foydalangan holda mustahkamlashdan umidvormiz," - dedi Andrey Slepnyov.

Xalqaro savdo markazi (Jahon savdo tashkiloti va BMT qo‘shma agentligi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda YeOII mamlakatlari va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 69 milliard dollarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 7 foizga oshgan.
"Shimol-Janub" iqtisodiy yo‘lagi to‘g‘risidagi bitim 2000-yil 12-sentabrda imzolangan. Uning ishtirokchilari 10 ta mamlakat, shu jumladan, Rossiya va Qozog‘iston. Yevropa shimolini Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani davlatlari bilan bog‘laydi.
Ma’lumot uchun, "Shimol - Janub" iqtisodiy yo‘lagi Yevropa shimolini Fors ko‘rfazi va Hind okeani davlatlari bilan bog‘laydi.
Yo‘lak to‘g‘risidagi bitim 2000-yil sentabr oyida Hindiston, Eron va Rossiya tomonidan imzolangan. Keyinchalik loyihaga Qozog‘iston, Belarus, O‘mon, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston va Suriya qo‘shildi.
Matbuot markazi
“Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlarni ochib beradi?