TOShKENT, 17 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida yuz bergan kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan prezident Asif Ali Zardariy va bosh vazir Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
“Davlatimiz rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi”, - deyiladi Sherzod Asadov xabarida.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Pokiston va mamlakat nazoratidagi Kashmirda kuchli musson yomg‘irlari va yer ko‘chkilari oqibatida kamida 307 kishi qurbon bo‘lgan.
O‘lim holatlarining aksariyati Pokiston shimoli-g‘arbidagi tog‘li Xayber-Paxtunxva provinsiyasida qayd etilgan. Kamida 74 ta uy zarar ko‘rgan, qutqaruv vertoloti esa operatsiyalar chog‘ida halokatga uchragan, uning besh nafar ekipaji halok bo‘lgan.