TOShKENT, 16 avg – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) mamlakatlari bosh vazirlari 15-avgust kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo kengash majlisida umumiy bozorda birja savdolarini rivojlantirish dasturini tasdiqlashdi.
Hujjat to‘rt qismdan iborat bo‘lib, umumiy qoidalar, tadbirlar tizimi, amalga oshirishni ta’minlash mexanizmlari va resurslarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Dastur uch bosqichni o‘z ichiga oladi: umumiy birja bozorini shakllantirish uchun hujjatlarni ishlab chiqish, pilot loyihalarni amalga oshirish va imitatsiya savdolarini o‘tkazish, shuningdek, 2029-yilga kelib birja bozorining to‘liq ishlashini boshlash.
Dasturga 14 ta tadbir kiritilgan, shu jumladan, tovarlarning umumiy birja bozorini shakllantirish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomani ishlab chiqish va qabul qilish, savdo tashkilotchilari va infratuzilma tashkilotlari o‘rtasidagi kelishuv, Ittifoq organlari hujjatlari va savdo tashkilotchilari o‘rtasidagi protokollar.