O‘zbekistonda ilk bor noyob yurak jarrohligi amalga oshirildi

6 yoshli bemorning yuragida juda murakkab operatsiya amalga oshirildi. Bunday O‘zbekistonda u ilk bor o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 13 avg – Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor noyob yurak jarrohligi amalga oshirildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent davlat tibbiyot universitetining Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida bolalar kardiojarrohi Bobur Turayev 6 yoshli bemorning zararlangan uch tabaqali klapanini olib tashlab, uning o‘rniga yurakning o‘ng bo‘lmachasi quloqchasidan yasalgan yangi klapan o‘rnatdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi texnologik jihatdan murakkab operatsiyalar dunyoda faqat eng rivojlangan tibbiyot markazlarida bajariladi. O‘zbekistonda esa u birinchi marta amalga oshirildi.
Tibbiy jamoa vakillari ta’kidlaganidek, ushbu yutuq nafaqat milliy tibbiyotning rivoji, balki mahalliy mutaxassislarning bilim va malakasi xalqaro standartlarga to‘liq mos ekanini ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun, Turayev 2018–2019 yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti sifatida Buyuk Britaniya universitetida magistraturada o‘qigan, 10 taga yaqin rivojlangan davlat klinikalarida malaka oshirgan. U 20 tadan ortiq ilmiy maqolalar muallifi va mingdan ziyod bolalarda yurak operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
O‘zbekistonda rossiyalik shifokorlar ishtirokida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda