TOShKENT, 11 avg – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon suhbati davomida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlik va o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda ikki tomonlama kun tartibidagi ayrim dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tildi”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, Pashinyan 8-avgust kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Vladimir Putin Yerevan va Boku o‘rtasida mustahkam tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shadigan qadamlarning muhimligini ta’kidladi.
Rossiya tomoni 2020-2022 yillarda oliy darajada erishilgan uch tomonlama kelishuvlar doirasida Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini har tomonlama normallashtirishga, jumladan, mintaqadagi oldin yopilgan transport kommunikatsiyalarini qayta ochilishiga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Vladimir Putin o‘z navbatida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan suhbatning asosiy natijalari hamda Alyaskada Donald Tramp bilan uchrashuvga tayyorgarlik haqida gapirdi. Armaniston bosh vaziri Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan qadamlarni olqishladi.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.