TOShKENT, 8 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yetakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ko‘rib chiqishdi.
“Rossiya prezidenti 6-avgust kuni Moskva shahrida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lum qildi”, - deyilgan xabarda.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqishdi.
Uitkoffning Moskvaga tashrifi
Chorshanba kuni Putin Kremlda Amerika vakilini qabul qildi, suhbat uch soatdan ko‘proq vaqt davom etdi. Bu tashrif diplomatning yil boshidan buyon Rossiyaga beshinchi tashrifidir.
Ushakovning aniqlik kiritishicha, Uitkoff orqali ikki davlat rahbarlari bir biriga Ukraina masalasida o‘z pozitsiyalarini yetkazishgan, shuningdek, Moskva va Vashington o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
7 avgust kuni Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva va Vashington yaqin kunlarda ikki mamlakat prezidentlarining uchrashuvini o‘tkazishni muvofiqlashtirib olganini ma’lum qildi.