TOShKENT, 6 avg – Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning "China National Gold Group" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Yusupov CNGG kompaniyasi rahbariyati bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, vazirlik va CNGG qimmatbaho va kritik minerallar yo‘nalishida istiqbolli maydonlarda geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirish, konlarni o‘zlashtirish, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, kadrlar tayyorlash, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.
Ma’lumot uchun: "China National Gold Group Corporation" (CNGG yoki China Gold) - Xitoyning asosiy davlat oltin qazib olish korporatsiyasi bo‘lib, oltin, kumush, mis va molibden qazib olish hamda qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 1979-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan "China Gold General Corporation" negizida 2003-yilda qayta tashkil etilgan. Korporatsiya Xitoy Davlat mulkini nazorat qilish va boshqarish qo‘mitasiga bo‘ysunadi.