Dunyo bo‘yicha atigi 48 foiz chaqaloqlar ona suti bilan oziqlantirilmoqda — JSST va YuNISEF

Hozir dunyo bo‘yicha olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarning bor-yo‘g‘i 48 foizi to‘liq emizilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 6 avg – Sputnik. Dunyo bo‘yicha atigi 48 foiz chaqaloqlar ona suti bilan oziqlantirilmoqda. JSST va YuNISEF rahbarlari — Ketrin Rassel va Tedros Gebreyesus tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda shu haqda ta’kidlandi.
Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligiga bag‘ishlangan ushbu hisobotda keltirilishicha, hozir dunyo bo‘yicha olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarning bor-yo‘g‘i 48 foizi to‘liq emizilmoqda.
Bu esa Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi tomonidan 2030-yilgacha belgilangan marra — 60 foizlik ko‘rsatkichdan ancha past.
Ta’kidlanishicha, ba’zi mamlakatlarda ayollar farzandlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirish borasida malakali tibbiy maslahat olish imkoniyatiga ega emas. Ayrimlari esa emizishning chaqaloq va ona salomatligi uchun naqadar muhimligidan bexabar.
Shifokor va hamshiralarni tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarida emizikli bolalarni oziqlantirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘ygan mamlakatlar soni 20 foizdan oshmaydi.
Qator davlatlarda ona suti bilan parvarishlashni qo‘llab-quvvatlash mexnazmlari ishlab chiqilmagan. Bu borada doimiy monitoring dasturlari mavjud emas.
Shundan kelib chiqib, JSST va YuNISEF hukumatlar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va boshqa hamkorlarni onalar va chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan parvarish, jumladan, emizishni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini moliyalashtirishga chaqirdi.
"Uzbekistan Airways" bortida chaqaloq dunyoga keldi