TOShKENT, 5 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisi Adilbek Qasimaliyev, Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.
Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.
Prezident Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekanini ta’kidladi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi 2018-yilda Ostonada bo‘lib o‘tgandi. Davlat rahbarlarining ikkinchi uchrashuviga 2019-yilda Toshkent mezbonlik qilgan.