TOShKENT, 4 avg – Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Sea Breeze Uzbekistan” umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, loyiha Toshkent viloyatining xushmanzara Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar maydonda amalga oshiriladi. Bu jahon miqyosidagi umummavsumiy kurort majmuasi bo‘lib, O‘zbekiston turizm sohasida xususiy-davlat sherikligining flagmani bo‘ladi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 5 mlrd dollarni tashkil etadi.
Loyihani amalga oshirish yuzasidan “Agalarov Development” MChJ (Ozarbayjon) ishtirokidagi “Sea Breeze Uzbekistan” MChJ qo‘shma korxonaning takliflari eng yaxshi taklif sifatida tanlab olingan.
Loyihani amalga oshirish uchun “Sea Breeze Uzbekistan”MChJga 577 gektar yer maydoni 25-yil muddatga imtiyozli shartlar asosida ijaraga beriladi.
Loyihaga oid asosiy ma’lumotlar
uchastkalarni lotlarga bo‘lish va boshqa foydalanuvchilarga berish tasdiqlangan bosh reja va qonunchilik doirasida amalga oshiriladi;
loyiha ekologik standartlar talablariga qat’iy amal qilingan holda amalga oshiriladi: Chorvoq suv ombori va Chirchiq darosiga oqova suvlarni chiqarish taqiqlangan. Bu talab buzilishi ijara shartnomasi bekor qilinishi uchun asos bo‘ladi;
quruvchilar daraxtlarni ko‘chirish yoki kesish uchun kompensatsiya sifatida ularning o‘rniga 10 ta ko‘chat o‘tkazishi, ularni 5-7 yil davomida majburiy parvarish qilishi zarur bo‘ladi;
investor, istisno tariqasida, 2029-yil 31-dekabrga qadar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta xujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtdaamalga oshirish huquqiga ega;
ep uchastkasini ijaraga olgan tashkilot tomonidan obyekt qurilish hajmining har bir kvadrat metri uchun mutanosib ravishda 50 AQSh dollari ekvivalenti miqdorida infratuzilma to‘lovi to‘lanadi;
yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijaraga oluvchilarning zararlari "Sea Breeze Uzbekistan" MChJ tomonidan Toshkent viloyati mahalliy budjetiga ajratilgan 5 mln dollar hisobidan, shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari “Sea Breeze Uzbekistan” MChJ tomonidan ularning mulkdorlari bilan kelishuv asosida sotib olinadi;
loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari uchun kompensatsiya to‘lovlari "Chorvoq" turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi tomonidan har yili teng ulushlarda besh yil davomida amalga oshiriladi;
loyihani Respublika ishchi guruhi, tegishli vazirliklar va prokuratura organlari nazorat qiladi. Shartlarga rioya etilmasa, investorlarning yer uchastkasini ijaraga olish huquqlari bekor qilinadi.
2024 yil dekabrida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov prezident Shavkat Mirziyoyevga "Sea Breeze Uzbekistan" umummavsumiy kurortini qurish loyihasini taqdim etgan edi. Markaz 500−700 gektar maydonda dam olish zonalari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, kottejlar va turar-joy majmualari, shuningdek, do‘konlar, restoranlar, maktablar, akvapark, istirohat bog‘larini o‘z ichiga oladi.