TOShKENT, 29-iyul – Sputnik. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kattaqo‘rg‘on shahrining o‘rta shahar maqomidan yirik shahar maqomiga o‘tishi, aholi o‘sishi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni hisobga olib, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, yangi infratuzilma obyektlari va ko‘p qavatli turar joy majmualari barpo etish uchun uning hududini kengaytirish rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq, Kattaqo‘rg‘on tumanidan Kattaqo‘rg‘on shahriga 1945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni, Kattaqo‘rg‘on tumaniga Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni o‘tkazilmoqda.