TOShKENT, 29-iyul – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, madaniyat markazlari faoliyatiga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, ijodiy g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlovchi startap loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston brendini shakllantiradigan, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytiruvchi mahalliy tarixiy, ilmiy va animatsion mahsulotlarni yaratishga ko‘mak ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Shavkatu Mirziyoyevu prezentovali kulturnie initsiativi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Prezident bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq O‘zbekistonda Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etilgan edi.
Endilikda san’atkorning memorial muzeyini ochish, uning nomiga stipendiya ta’sis etish va estrada san’ati xalqaro tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Institut bakalavriatining eng faol bitiruvchilari xorijga magistraturaga o‘qishga yuboriladi, iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlardagi ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.
Prezident Andijon viloyatiga safari chog‘ida xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish tashabbusini ham ilgari surgan edi.
Andijon shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi Musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Uning nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi.
Shavkatu Mirziyoyevu prezentovali kulturnie initsiativi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tashkil etilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining oltin fondi shakllantiriladi. Shuningdek, iqtidorli yosh ijrochilar imtiyozli ravishda foydalanishi mumkin bo‘lgan ovoz yozish va videostudiya ochish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda mamlakatda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri va filarmoniya tarkibida 8 ta professional orkestr faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududlarda ham shunday orkestrlarni bosqichma-bosqich tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida xalq cholg‘ulari orkestri va simfonik orkestri tashkil etiladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa inventarlar bilan to‘liq ta’minlanadi.
Davlat rahbari milliy va jahon san’atining eng sara namunalarini keng ommaga yetkazish, mamlakat viloyatlari va shaharlari bo‘ylab gastrol safarlarini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Bugungi kunda ushbu sohada 14 ming korxona faoliyat yuritib, ularda qariyb 100 ming kishi mehnat qilmoqda. Kelgusi besh yilda bunyodkorlik iqtisodiyoti hajmini ikki barobarga oshirish, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shavkatu Mirziyoyevu prezentovali kulturnie initsiativi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Taqdimotda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha ham takliflar ko‘rib chiqildi.
Xususan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkentda akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. Undan magistrlar tayyorlashni tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni joriy etishda foydalaniladi. Ushbu platformaga 3000 nafardan ortiq iqtidorli hunarmandlarni bosqichma-bosqich ulash rejalashtirilgan. Kelgusida u to‘laqonli amaliy san’at maktabiga aylanadi.
Sentabrdan noyabrgacha bo‘lgan davrda Buxoroda ilk bor zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi, unda 40 ta mamlakatdan 70 nafar taniqli rassom ishtirok etadi.
Nukus shahridagi "Istiqlol" istirohat bog‘i ijodiy klasterga aylantiriladi, uning doirasida Orol maktabi — hunarmandlar va dizaynerlar uchun an’anaviy bilimlarni innovatsion yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan ta’lim maydoni tashkil etiladi.