O‘zbekistonda onkologik suyak kasalliklari bo‘yicha yangilik yo‘lga qo‘yildi

Tizza osteosarkomasi bilan og‘rigan 13 va 14 yoshli qizlarda organlarni saqlovchi, yuqori darajada terapevtik ta’sir ko‘rsatadigan ikkita noyob operatsiya bajarildi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor onkologik suyak kasalliklarida noinvaziv tizza bo‘g‘imi endoprotezini o‘rnatish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida bugun yurtimizda ushbu yo‘nalishda tibbiy xizmatlar sifati butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi”, — deydi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Jamila Po‘latova.
Ta’kidlanishicha, muassasada yangi turdagi ko‘plab muolaja usullari amaliyotga tatbiq etilyapti. Jumladan, O‘zbekistonda ilk bor onkologik suyak kasalliklariga chalingan bolalarga noinvaziv tizza bo‘g‘imlari endoprotezlarini o‘rnatish yo‘lga qo‘yildi.
Unda tizza osteosarkomasi bilan og‘rigan 13 va 14 yoshli qizlarda organlarni saqlovchi, yuqori darajada terapevtik ta’sir ko‘rsatadigan ikkita noyob operatsiya bajarildi.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida rossiyalik yetakchi mutaxassis Konstantin Rabov bilan hamkorlikda gepatosellyular jigar saratoni tashxisi qo‘yilgan bemor bolada o‘ta murakkab jarrohlik muolajasi amalga oshirildi.
Bundan tashqari, muassasaning hududiy filiallarida bir qator yangi davolash va diagnostika usullari amaliyotga tatbiq qilindi.
Jumladan:
qorin parda orti sohasida joylashgan o‘smani kesib olish;
nefrektomiya va paraaortal limfadisseksiya;
orqa miya darajasida joylashgan o‘smani olib tashlash;
ko‘krak qafasi ichidagi mediastinal o‘smani rezeksiya qilish;
jigar metastazlarini rezeksiya qilish kabi murakkab operatsiyalar.
O‘zbekiston Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasini qabul qildi