TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Mo‘ynoqdagi quduqdan chiqayotgan gaz aholi turar joylaridan uzoqda va tarkibi zararsiz. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 26-iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani, “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatildi. Ta’kidlanishicha, bu quduq — ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.
“Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lganligi sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar mutasaddilari voqea joyida bo‘lib turibdi.
“Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Usturt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sog‘lig‘ini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qo‘yildi.
Hech kim tan jarohati olmagan. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi.