O‘zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi elchisi tayinlandi

Shri-Lanka prezidenti O‘zbekistonning Kolombodagi birinchi elchisi tayinlanganini tarixiy voqea sifatida baholadi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida) Alisher To‘xtayev Shri-Lanka prezidenti Anur Kumar Disanayakka ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Shri-Lanka prezidenti O‘zbekistonning Kolombodagi birinchi elchisi tayinlanganini tarixiy voqea sifatida baholadi va bu qadam ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini qayd etdi.
Perviy posol Uzbekistana vruchil veritelnie gramoti prezidentu Shri-Lanki
Muloqot chog‘ida, siyosat, savdo, investitsiya, turizm, ta’lim va agrotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy islohotlar, raqamlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Shri-Lanka prezidenti ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidlab, shu yo‘nalishda tashabbuslar, jumladan, Qo‘shma hukumatlararo komissiya tuzish taklifini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida Shri-Lanka prezidenti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salom va eng ezgu tilaklarini yo‘llab, samarali hamkorlikka umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Alisher To‘xtayev 2024-yilning oktabr oyidan buyon O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimida ishlab kelmoqda. Bungacha u tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.