TOShKENT, 25-iyul – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tug‘ilgan kuni munosabati bilan muborakbod etib, o‘zlarining samimiy qutlovlari va ezgu tilaklarini bildirgan barchaga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Tug‘ilgan kunim munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etib, o‘zlarining samimiy qutlovlari va ezgu tilaklarini bildirgan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, taniqli siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mehnat jamoalari, mahallalar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari faollariga, tadbirkorlarimizga, mamlakatimiz va chet ellardagi barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman”, - deydi Mirziyoyev.
Prezident ushbu tabrik va tilaklarni ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom sifatida qabul qilishini ta’kidlagan.
“Barcha tashabbus va dasturlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mard va olijanob xalqimizga yana bir bor chin dildan farzandlik mehrim va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman”, - deydi O‘zbekiston prezidenti.