TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. Xitoy raisi Si Szinpin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Hurmatli prezident janoblari! Tavallud kuningiz munosabati bilan sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman”, - deyiladi tabrikda.
Tabrik matnida “Xitoy - Markaziy Osiyo” ikkinchi sammitida Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi davrda rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilab olingani qayd etilgan.
“Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman hamda o‘rtamizda qaror topgan samarali amaliy aloqalar va do‘stlikni yuksak qadrlayman. Shanxay hamkorlik tashkilotining Tanszin sammitida hamda Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi urushidagi G‘alabasi va Fashizmga qarshi jahon urushidagi G‘alabasining 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etayotganingiz munosabati bilan sizni Xitoyda qutlashdan mamnunman”, - deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik va farovonlik tilagan.