Farg‘onada Tojikiston bilan birgalikda 10 million dollarlik sim zavodi qurilmoqda

Loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya hisobiga moliyalashtirilayotgan bo‘lib, uni amalga oshirish natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul – Sputnik. Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida mis va alyumin simlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tojikistonlik investor Shuhratjon Ashurmatov va uning farg‘onalik hamkori Fotima Imomovani qabul qilgan.
Muloqotda Dang‘ara tumanida “Osiyo kabellari” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan mis va alyumin simlar ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilingan.

“Loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya hisobiga moliyalashtirilayotgan bo‘lib, uni amalga oshirish natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv davomida loyiha ishlarini jadallashtirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi”, – deyiladi xabarda.

Viloyat hokimi loyihani qo‘llab-quvvatlab, amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidlagan.
O‘zbekiston va Tojikiston qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashishni kuchaytirmoqchi