TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasining Belgorod va Bransk viloyatlaridan 99 nafar bola dam olish uchun O‘zbekistonga keldi.
Ular Toshkent viloyatining tog‘li hududlaridagi "Anor" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida qariyb 2 hafta bo‘lib, yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin dam olib, kuch-quvvatga ega bo‘ladi.
Aeroportda bolalarni Rossiyaning O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Andrey Lanchikov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari kutib oldi.
Birinchi marta bo‘layotgan bunday ajoyib tadbir uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz va bolalarga mehmondo‘st O‘zbekistonda unutilmas dam olish tilaymiz!, - deyiladi Rossiya elchixonasi xabarida.
Yetib kelgach, bolalar nonushta bilan siylandi va ularga sovg‘alar topshirildi. Ertaga esa bolalar dam olish mavsumining tantanali ochilish marosimida qatnashadilar.