TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va KXDR davlat ishlari raisi Kim Chen In o‘rtasidagi uchrashuvda harbiy manyovrlarning tez-tez o‘tkazilishiga nima sabab bo‘lgani aytildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
12 iyul kuni KXDRda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov KXDR davlat ishlari raisi Kim Chen In tomonidan qabul qilindi. Ikki tomonlama munosabatlar, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan batafsil suhbat bo‘lib o‘tdi.
“Rossiya tomoni Pxenyan Rossiyaning maxsus harbiy operatsiyasini izchil va prinsipial qo‘llab-quvvatlagani, Koreya xalq armiyasi askarlarining Kursk viloyati hududidan ukrain millatchilari va xorijiy yollanma askarlarni chiqarib yuborishdagi ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, ikki tomonlama kun tartibini muhokama qilish chog‘ida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga urg‘u bergan holda amaliy sohalardagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Koreya yarimoroli va Shimoli-Sharqiy Osiyodagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Qayd etilishicha, submintaqadagi keskinlikning kuchayishiga AQSh va uning ittifoqchilari harbiy faolligining oshishi, yadroviy komponentni jalb qilgan holda harbiy manyovrlarning tez-tez o‘tkazilishi sabab bo‘lmoqda.
Tomonlar Koreya yarimorolidagi barcha muammolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish bo‘yicha yondashuvlari mushtarakligini saqlab qolmoqda.