O‘zbekiston va Kuvayt turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Muzokaralar davomida o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi va kuvaytlik turoperatorlar uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etishga kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Al-Kuvayt shahrida O‘zbekiston – Kuvayt turizm forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
"O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" shiori ostida tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakatning yetakchi sayyohlik kompaniyalari va investorlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyevning ta’kidlashicha, asrlar davomida tarixiy Ipak yo‘li yuragi bo‘lib kelgan O‘zbekiston bugungi kunda madaniy va tabiiy xilma-xillik, noyob arxeologik yodgorliklari, shuningdek infratuzilma va sayyohlik xizmatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan salmoqli sarmoya tufayli mintaqadagi eng jozibador manzilga aylangan.
“2024 yil mamlakatimizga 10 milliondan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, soha daromadi 3,5 milliard dollardan oshdi. 2030-yilgacha yillik sayyohlar sonini 15 millionga yetkazish rejamiz bor”, - dedi Umid Shodiyev.
Kuvayt fuqarolari uchun 2025-yil iyun oyidan boshlab 30 kungacha vizasiz tartib joriy etilgani ta’kidlandi. Shu bois ushbu mamlakat turizm muassasalari bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirishning muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov 31-yillik ikki tomonlama munosabat so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlanganiga guvoh bo‘lgani, konstruktiv muloqot orqali aloqalar yangi bosqichga chiqayotganini ta’kidladi.
Kuvayt axborot va turizm vaziri o‘rinbosari Usama Hamad Al-Mahiyol O‘zbekiston qadimiy tarixi, boy madaniy va sivilizatsiya merosi, shuningdek go‘zal tabiati, rang-barang sharqona taomlari bilan istiqbolli sayyohlik maskani sifatida mashhurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston turizm elchisi, kuvaytlik mashhur bloger Abdulkarim al-Hindal "O‘zbekistonning turistik salohiyati – Ko‘rfaz arab davlatlari nigohida" mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarining sayyohlik salohiyati, boy tarixiy merosi, milliy taomlar, mehmondo‘st o‘zbek xalqi va ushbu hududlarda sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida to‘xtaldi.
Forum doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan mamlakatning turistik salohiyatiga doir hamda "Jazeera" aviakompaniyasining Toshkent, Samarqand, Namangan va Farg‘ona shaharlariga amalga oshirilgan aviareyslari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvayt turistik kompaniyalari o‘rtasida V2V shaklida uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar davomida o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi va kuvaytlik turoperatorlar uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Kuvaytda savdo uyi ochadi — tafsilotlar