Rossiya AES qurilishi kontekstida rad etib bo‘lmaydigan shartlarni taklif qilmoqda — Rahmatov

Jasur Rahmatov: O‘zbekiston Rossiya bilan energetika tizimlarini rivojlantirishda hamkorlik qilishdan manfaatdor.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Rossiya bilan energetika tizimlarini rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarida hamkorlik qilishdan manfaatdor. Bu haqda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘limi boshlig‘i Jasur Rahmatov ma’lum qildi.
Jasur Rahmatov Sputnik Qirg‘iziston matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda ishtirok etdi. Unda Rossiyaning umumiy energiya halqasiga ulanish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qanday foyda keltirishi haqida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, Rossiya Federatsiyasi nafaqat an’anaviy energetikani rivojlantirish, balki qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ham tajribaga ega. Bundan tashqari, Rossiya bilan hamkorlik O‘zbekistonning energiya xavfsizligini ta’minlash va soha uchun kadrlar tayyorlashda Rossiya tajribasidan foydalanish imkonini beradi.
"Agar ertaga qaysidir mamlakatimizda avariya sodir bo‘lsa yoki, masalan, muzliklar tez erishi natijasida suv tanqisligi yuzaga kelsa, biz elektr energiyasini Rossiyadan import qilishimiz mumkin. Rossiya Federatsiyasining qo‘shilishi mintaqada energiya xavfsizligini ta’minlaydi”, — dedi Jasur Rahmatov.
"Yevrosiyo taraqqiyoti" Markaziy Osiyo ekspertlar klubi ijrochi direktori Komroni Hidoyatzoda bu Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga o‘z energiya tizimlari barqaror ishlashini ta’minlashga yordam berishini ta’kidladi.
"Rossiyaning qo‘shilishi mamlakatlarimizda doimiy ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi. Tojikistonda bu sanoat korxonalarining uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Bundan tashqari, biz energiya ishlab chiqarish obyektlarini qurish uchun mablag‘ yetishmasligini his qilmoqdamiz. Moskva bu borada ham yordam berishi mumkin. Shuning uchun Rossiyaning ulanishi butun mintaqa uchun bir nechta asosiy muammolarni hal qilishga yordam beradi”, — deya tushuntirdi ekspert.
Jasur Rahmatovning so‘zlariga kzra, Rossiya AES qurilishi kontekstida rad etib bo‘lmaydigan shartlarni taklif qilmoqda. Rossiya bozor narxi, sifati va ishonchlilikni taklif qilmoqda.
O‘zbekiston AES uchun yoqilg‘ini qachon oladi — Toshkentdagi forumda muddatlar ma’lum qilindi
Rossiya va O‘zbekiston AES qurilishining asosiy shartlari haqida kelishib oldi
Yadroviy falokat yuz berganda O‘zbekiston qanday choralar ko‘radi — Axmedxadjayev javobi