Rasman: abituriyentlar uchun test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi

Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. 2025-2026 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi, deya xabar berdi Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmati.
"2025-2026 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14-iyuldan 23-iyulga (10 kun) qadar bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etiladi. 1-smena soat 08:00 da, 2-smena 15:00 da boshlanadi", — deyiladi xabarda.
Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelishlari talab etiladi.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda.
"Abituriyentlardan o‘zlariga tegishli “Abituriyent ruxsatnomasi”ni yuklab olishlarini hamda chop etib qo‘yishlarini so‘raymiz. Abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, ko‘rsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyentlarga boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilmaydi", — deya qayd etilgan xabarda.
Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Qabul-2025: abituriyentlarga ruxsatnomalarni berish boshlandi