TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda sun’iy intellekt milliy modelini yaratib, 1 million nafar mutaxassis tayyorlash reja qilingan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Raqamli texnologiyalar sohasidagi rejalar:
kelgusi yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirishni 70 foizga, IT xizmatlari miqdorini 100 trillion so‘mga yetkazish;
“Elektron hukumat rivojlanish indeksi”da kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish.
“Bugungi kunda 760 ta davlat xizmati raqamlashtirilgan. O‘tgan yili 10 million fuqaro raqamli xizmatlardan foydalangan. Davlatimiz rahbari endi keyingi “Raqamli hukumat” bosqichiga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Buni, eng avvalo, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ta’lim, tibbiyot, qurilish va kommunal sohalardan boshlash kerakligi aytildi”, — deyiladi xabarda.
Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra, sohada infratuzilmani yaxshilashga 50 million dollar ajratildi.
“Sun’iy intellekt milliy modelini yaratib, 1 million nafar mutaxassis tayyorlash vazifasi belgilangan”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, sohada xizmatlar hajmi va eksport ko‘rsatkichlarining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Har bir hududda jozibador muhit yaratib, chet el kompaniyalarini jalb etish muhimligi qayd etildi.
Quyidagilar amalga oshirilgan:
IT-park rezidentlari 2 ming 800 dan oshdi, xorijiy kompaniyalar 752 taga yetdi. Bu sohada 40 ming nafar yoshlar yuqori daromad topayapti.
Oxirgi 5-yilda soha eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollarga yaqinlashdi.
Internet tezligi 7 barobar, mobil internet esa 4,5 barobar oshdi.
O‘tgan yili sohadagi startaplarga 70 million dollar venchur investitsiya kiritildi. Bularning natijasida “Global startaplar indeksi” reytingida O‘zbekiston 12 pog‘ona yuqorilab, “TOP-100”likka kirdi.
O‘tgan yili “Sun’iy intellektga tayyorlik” xalqaro indeksida yurtimiz 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasining o‘sish sur’atlari bo‘yicha MDH mamlakatlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi.