TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Endi mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlar uchun ro‘yxatdan o‘tishga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shaklidan foydalanish mumkin. Bu haqda "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab yo‘lovchilar mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shaklidan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Aeroportda ro‘yxatdan o‘tishdan oldin yo‘lovchi my.gov.uz sayti, mobil ilovasi yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga kiradi. Shaxsiy ma’lumotlar sahifasiga o‘tadi va elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tish joyidagi xodimga ko‘rsatadi.
“Faqat my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi joriy ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Shuning uchun ro‘yxatdan o‘tish paytida shu kabi hujjatlarning nusxalari, fotosuratlari, pasport/IDning skanerlangan variantlari yoki shaxsiy ma’lumotlar bo‘lgan veb-sayt sahifasining "skrinshot"lari qabul qilinmaydi.