TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Xitoy bozoriga O‘zbekiston charm mahsulotlari eksporti kengaytiriladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev Xitoy Charm sanoati uyushmasi raisi o‘rinbosari Liu Suilun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbatda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari, Andijon va Ohangaron shaharlaridagi kichik sanoat zonalarida poyabzal va charm-galantereya mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda yirik xalqaro bozorlar sari chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xalqaro brendlar talablariga javob beradigan mahsulotlar sifatini oshirish maqsadida Xitoydan texnolog va dizayner mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega O‘zbekiston charm mahsulotlari eksportini Xitoy bozoriga kengaytirishga kelishib oldilar.