TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. O‘zbekiston senatorlari parlamentdagi muxolifatning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonunni ma’qullashdi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat so‘z erkinligini ta’minlash, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan.
“Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasining yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish kabi qo‘shimcha huquq berilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu fraksiyaning vakillari quyi palataning bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda "hukumat soati" va parlament so‘rovi doirasida masala kiritishi ham nazarda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytgan edi. Buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qilingan.