TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. U23 yosh toifasidagi o‘zbekistonlik kurashchilar Osiyo chempionatida 16 ta medalni qo‘lga kiritishdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Vyetnamda sport kurashlari bo‘yicha U23 yosh toifasidagi Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Erkin kurash ustalari o‘rtasida kechgan so‘nggi kun bahslarida o‘zbekistonlik atletlar 2 ta kumush va 1 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Kumush medal: -65 kg: Umidjon Jalolov, -74 kg: Zafarbek Otaxonov.
Bronza medal: -92 kg: Sadriddin Daminjonov.
Shu tariqa, mazkur yosh toifasidagi sportchilar qit’a birinchiligini 2 ta oltin, 5 ta kumush va 9 ta bronza, jami 16 ta medal bilan yakunlashdi.
Ertadan U17 yosh toifasidagi polvonlar bahslarga kirishishadi.