TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolaridan Isroil va Erondan imkon qadar xavfsiz hududlarga chiqib ketishlarini so‘raydi, deyiladi vazirlik e’lon qilgan xabarda.
Qayd etilishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyatning shiddat bilan keskinlashayotgani bizda chuqur xavotir uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston doimo mintaqadagi barcha tomonlarni o‘zaro muzokaralar orqali tinchlik yo‘lida harakat qilishga chaqirib kelgan.
“Shu munosabat bilan, O‘zbekiston fuqarolaridan Isroil va Eronga safar qilishdan tiyilishni, ushbu mamlakatlarda bo‘lgan fuqarolarimizdan esa imkon qadar xavfsiz hududlarga chiqib ketishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘rilmoqda, fuqarolardan hushorlikni saqlash va rasmiy e’lonlarni kuzatib borish iltimos qilingan.