Erondan Turkmaniston orqali 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi

Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini xavfsiz ravishda vataniga qaytarish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Erondan Turkmaniston orqali 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini xavfsiz ravishda vataniga qaytarish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rmoqda.
Bunda Turkmaniston rahbariyati tashabbusi bilan ushbu davlat o‘z hududini tranzit maqsadlari uchun taqdim etgani, xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatishdagi faol ishtiroki va ulkan hissasi, mamlakat chegara punktlari, vokzal va aeroportlarida yaratilgan qulay sharoitlar, ko‘p sonli davlatlar fuqarolarining tezkor va xavfsiz evakuatsiya qilinayotganligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmalariga muvofiq, mamlakatning Tehron va Ashxoboddagi diplomatik vakolatxonalarida kechayu-kunduz ishlaydigan tezkor shtablar tuzildi. Tezkor shtab Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Turkmaniston orqali vataniga qaytarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha doimiy aloqa va muvofiqlashtiruv ishlarini olib borapti. Ashxoboddagi elchixona esa Turkmaniston rasmiylari bilan hamkorlikda fuqarolarini chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda vataniga qaytarish jarayonini samarali tashkil etmoqda.
Bugungi kunga qadar Erondan Turkmaniston orqali jami 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi.
TIV o‘zbekistonliklarni Isroil va Eron mojarolariga nisbatan vazmin bo‘lishga chaqirdi