TOShKENT, 18-iyun — Sputnik. Vengriya Milliy muzeyi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Milliy muzeyi ijrochi direktori Jigmond Gabor bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida madaniyat va muzey ishi, arxeologiya, restavratsiya va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.
Vengriya tomoniga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Vengriya vakili ikki tomonlama aloqalarni, jumladan, O‘zbekiston muzeylari bilan maslahatlashuvlarni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
"O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz. Shuningdek, 2025-yil avgustidan 2026-yilning fevral oyigacha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan "O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etishdan mamnun bo‘lar edik", – dedi Jigmond Gabor.
Tomonlar O‘zbekiston va Vengriyaning ixtisoslashtirilgan muassasalari o‘rtasida madaniy almashinuvni yanada rivojlantirish va sheriklikni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashdi.