TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasida tovarlarning umumiy birja bozorini yaratish "beshlik" mamlakatlarida iqtisodiy hamkorlik darajasini oshiradi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) raqobat va monopoliyaga qarshi kurashish vaziri Maksim Yermolovich ma’lum qildi, deb yozmoqda komissiya matbuot xizmati.
Yermolovich Xalqaro birjalar assotsiatsiyasining MDH, Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari birjalari vakillari ishtirokidagi umumiy yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi. Gap birja savdosini rivojlantirish hamda ShHT mamlakatlari Birjalararo ittifoqini tashkil etish tashabbusi haqida bordi.
YeIK vaziri YeOII doirasida tovarlarning umumiy birja (uyushgan) bozorida birja savdolarini rivojlantirish dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
"Dasturni amalga oshirish a’zo davlatlarning meyoriy-huquqiy bazasini uyg‘unlashtirish, birja savdosi qoidalarini birxillashtirish, to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, birja infratuzilmasini rivojlantirishni talab qiladi", — dedi u.
Komissiya raqobatni rivojlantirish va narxlarni shakllantirish samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan Ittifoq tovarlarining umumiy birja bozorini yaratishga katta ahamiyat beradi, deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.
Xalqaro birjalar assotsiatsiyasi (XBA) 2000-yilda Moskvada tashkil etilgan bo‘lib, u xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilgan moliya va tovar bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun mo‘ljallangan. XAB tarkibiga MDHning to‘qqizta mamlakatidan, shu jumladan, YeOII davlatlaridan 16 ta yetakchi moliya va tovar birjalari kiradi.