TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Turkmaniston Erondan kelgan chet el fuqarolariga gumanitar yordam ko‘rsatmoqda, deya xabar berdi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Aytilishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyatdan kelib chiqib, Turkmaniston zudlik bilan o‘z hududini Eron hududida bo‘lib turgan xorijiy diplomatlar va ularning oila a’zolari, shuningdek, boshqa fuqarolarga chiqish uchun taqdim etish choralarini ko‘rmoqda.
“Bugungi kunga qadar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa davlatlarning 120 nafarga yaqin fuqarolari Turkmaniston davlat chegarasini nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tgan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kelganlarga avtotransport, oziq-ovqat, mehmonxona, zarur vositalar ajratildi.
Gumanitar missiyani amalga oshirish doirasida Turkmanistonning tegishli davlat idoralari xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
“Shu nuqtayi nazardan, Turkmaniston BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Turkmaniston tashabbusi bilan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yilida insonparvarlik, xalqaro hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini amalda tasdiqlamoqda”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.