Turizmga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari Xitoyda ishlashi mumkin bo‘ladi

"Hainan Reaching Culture Education" kompaniyasi va O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. O‘zbekistondagi turizm sohasiga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari Xitoyda amaliyot o‘tishi va ishlashi mumkin. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Bosh konsulxona ko‘magida "Hainan Reaching Culture Education" kompaniyasi va O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Bundan maqsad – Xitoy bilan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish.
Muzokaralarda O‘zbekistonning turizm sohasiga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun Xitoyning turizm markazlaridan biri – Xaynan provinsiyasidagi mehmonxonalarda amaliyot o‘tish va ishga joylashish dasturini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoy tomoni dasturning barcha jihatlarini, jumladan, uni amalga oshirish mexanizmlarini puxta ishlab chiqish uchun O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga malaka sertifikatlari berilishi, uning asosida mahalliy mehmondo‘stlik sanoati korxonalarida ishlash uchun tanlov o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar muzokaralarni davom ettirish va yaqin kelajakda hamkorlik bitimini imzolashga kelishib oldilar.
Xitoy O‘zbekistonda ta’lim va kasbga tayyorlash o‘quv markazini ochadi