TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Malayziya kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida gidroelektr stansiyalarini (GES) qurish loyihasida ishtirok etmoqchi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Malayziyaning "Nexus Green Resources Sdn Bhd" kompaniyasi bosh ijrochi direktori boshchiligidagi delegatsiya Qashqadaryo viloyatida GES qurishga sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rgandi.
“Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov bilan uchrashuda Malayziya vakillari viloyatda mavjud daryo va kanallarda suv oqimidan oqilona foydalangan holda GESlarni qurish loyihasini mahalliy hamkorlar bilan birga amalga oshirishga tayyorligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, "Nexus Green Resources Sdn Bhd" va Xitoyning "Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd." kompaniyalari mutaxassislaridan iborat jamoa viloyatda joylashgan daryo va kanallarini borib ko‘rdi. Ularda kichik GESlarni joylashtirishning texnik imkoniyatlari va samaradorlik ko‘rsatkichlarini o‘rgandi.
Aytilishicha, Malayziya kompaniyasi Energetika vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi o‘rtasida dastlabki shartlarni belgilash to‘g‘risidagi bitimni imzolashni rejalashtirmoqda.