TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. Namangan davlat pedagogika instituti va Hindistonning Parul universiteti hamkorlik qilishga kelishib oldi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Namangan davlat pedagogika instituti vakillari Hindistonning Gujarat shtatida joylashgan Parul universiteti rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda ikki oliy bilim yurti o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Quyidagilar bo‘yicha kelishuvga erishildi:
Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashishni yo‘lga qo‘yish;
yangi qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratish;
ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish;
birgalikda ilmiy laboratoriyalar tashkil etish;
madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari hindistonlik yoshlarni Namanganda oliy ta’lim olishga jalb qilish masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Ma’lumot uchun, Parul universiteti axborot texnologiyalari, muhandislik, me’morchilik, huquqshunoslik, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, tijorat, biznes ma’murchiligi va boshqa yo‘nalishlarda 200 dan ortiq o‘quv dasturlarini taklif qiladi.