TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Toshkentdagi Bo‘rijar kanalidan ikki nafar qizaloqni qutqarib olgan marhum Abdumannop Samiqov “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Shu yil 5-may kuni Yakkasaroy tumanida yashovchi ikki nafar qizaloq Toshkentdagi Bo‘rijar kanaliga tushib ketdi. Buni Abdumannop Samiqov o‘zini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qoldi. Lekin, afsuski, uning o‘zi qahramonlarcha halok bo‘ldi.
“Ma’lum bo‘lishicha, bu fidoyilik bejiz emas – Abdumannop Samiqov hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson edi. Davlatimiz rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bugun hurmatli Prezidentimiz marhum Abdumannop Samiqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi”, — deb yozadi Sherzod Asadov.
Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan “Bo‘rijar” sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.