Tanzila Narbayeva Oleg Malginov bilan uchrashdi — nimalar muhokama etildi?

Suhbat chog‘ida elchining O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatining muvaffaqiyatli va samarali davri sarhisob qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov bilan uchrashdi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida elchining O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatining muvaffaqiyatli va samarali davri sarhisob qilindi.
“Uning so‘nggi to‘rt yil ichida O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
Parlamentlararo, shu jumladan xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining siyosiy irodasi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun asos sifatida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, ikki tomonlama muloqotni faollashtirishda parlamentlarning ahamiyati ortib borayotgani qayd etildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Tanzila Narbayeva Oleg Malginov bilan uchrashgan edi.