BAAga O‘zbekistondan ho‘l va quritilgan mevalar eksportini yo‘lga qo‘yiladi

BAA kompaniyasi "Made in Uzbekistan" brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olib ketmoqchi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklariga O‘zbekistondan ho‘l va quritilgan mevalar eksportini yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli “AFAQ” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv BAA kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.
“Uchrashuv davomida yaqin istiqbolda BAAga O‘zbekistondan ho‘l va quritilgan mevalar eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. BAA kompaniyasi dastlabki bosqichda namuna sifatida "Made in Uzbekistan" brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olib ketishga kelishib oldi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, vazirlik vakillari O‘zbekistonning meva-sabzavot eksporti yo‘nalishidagi salohiyati, mavjud infratuzilma va logistik imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, eksport jarayonining har bir bosqichi, mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiq tayyorlash va yetkazib berish mexanizmlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon uzoq muddatli hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish borasida aniq qadamlarni belgilab oldi.
O‘tgan yili O‘zbekiston hududlari eng ko‘p qaysi mahsulotlarni yetishtirgan?